
2025-yil 23-aprel kuni Toshkent shahridagi 17-sonli umumta’lim maktabi buyuk ingliz shoiri va dramaturgi Uilyam Shekspir tavalludiga bagʻishlangan ingliz tilidagi "Speech Art Contest" nomli notiqlik sanʼati tanloviga mezbonlik qildi.
Tadbir davomida 6-7-sinf oʻquvchilari ingliz tilida omma oldida soʻzlash mahoratlarini namoyish etdilar.
Ularning chiqishlari Oʻzbekiston davlat jahon tillari universitetining Ingliz tilini oʻqitish metodikasi 3-kafedrasi oʻqituvchilaridan iborat boʻlgan malakali hakamlar hay’ati tomonidan baholandi.
Tanlovdan asosiy maqsad oʻquvchilarning nutq madaniyatini, oʻziga ishonch va ingliz tilida erkin fikrlash qobiliyatini rivojlantirish, shuningdek, buyuk ingliz dramaturgi Shekspirning adabiy merosiga qiziqishni oshirishdan iborat.
Ishtirokchilar oʻzlarining til bilimlari va notiqlik qobiliyatlarini namoyish etuvchi turli chiqishlar bilan qatnashdi va tomoshabinlar olqishiga sazovor boʻldi. Ushbu tadbir yosh iste’dodlarni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, ingliz tili va adabiyotini oʻrganish sohasida maktab va universitet jamoatchiligi oʻrtasida tajriba almashish maydoniga aylandi.
Tadbir Zoom platformasi orqali onlayn translyatsiya qilinib, OʻzDJTU Marketing va talabalar amaliyoti boʻlimi hamda Ingliz tili nazariy aspektlari 3-kafedrasi oʻqituvchilari va talabalari ham tadbirni qiziqish bilan tomosha qilishdi.