
Yunusobod tumanidagi 17-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabida "Energiya — bu hayot" mavzusida tadbir bo'lib o'tdi. Unda "O'zbekiston Milliy elektr tarmoqlari" AJ mutaxassislari ishtirok etib, energiyani tejash va samarali foydalanish haqida muhim ma'lumotlar taqdim etishdi.
Tadbir o'zbek, rus va ingliz tillarida tashkil etilgan bo'lib, o'quvchilar sahna ko'rinishlari orqali energiya resurslaridan oqilona foydalanish mavzusini yoritib berishdi. Shuningdek, maktab o'qituvchilari va o'quvchilari "Shamol va quyoshdan elektr energiya olish" hamda "Aqlli uy" kabi loyihalar bilan qatnashib, o'z ijodiy va innovatsion g'oyalarini namoyish qilishdi.
Tadbirda mutaxassislar quyosh va shamol energetikasining kelajagi haqida fikr almashib, ishtirokchilarning savollariga javob berishdi.
Toshkent shahar MMTB Axborot xizmati