Saytdagi oxirgi ma'lumot yangilangan sana: 10-сентябрь 2026, 16:27
 Bosh sahifa  Mobile versiya

Maktabgacha va maktab ta’limi sohasida xalqaro hamkorlik yo‘nalishida:


Ta’lim sifatini oshirish, pedagoglar malakasini rivojlantirish, ilg‘or xorijiy tajribani joriy etish hamda ta’limga sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalarni olib kirish bo‘yicha xalqaro hamkorlik kengaymoqda.

Turkiya bilan kelishuv doirasida Istanbul shahrida xorijdagi ilk O‘zbekiston davlat maktabi qurilmoqda. 600 o‘rinli mazkur muassasada ta'lim to‘liq o‘zbek tilida olib boriladi, joriy yilning 30-yanvar kuni Prezident tashrifi doirasida maktab qurilishiga tamal toshi qo‘yilgandi.

AQSh bilan hamkorlik doirasida 200 nafar o‘zbekistonlik o‘quvchi FLEX dasturi orqali AQShda ta’lim olish imkoniyatiga ega bo‘lib, joriy o'quv yilida ham 30 nafar o'quvchi AQShga yuborildi. ACCESS dasturi esa 9 ta viloyatdagi 11 ta maktabni qamrab olib, Ikki yillik intensiv ingliz tili kurslari yo‘lga qo‘yilib, joriy yilda ham qariyb 500 nafar o‘quvchi ushbu darslar bilan qamrab olindi.

Fransiya bilan hamkorlikda o‘zbekistonlik o‘quvchilar uchun fransuz tili darsliklari mahalliy ta’lim muhitiga moslashtirilmoqda. 2027–2028-o‘quv yili uchun 190 ming nusxadan ortiq darslik va ish daftarini yetkazib berish rejalashtirilgan. Shuningdek, joyil yilda 160 nafarga yaqin fransuz tili fani o'qituvchilarining malakasi Fransiyada oshirilmoqda.

Rossiya bilan hamkorlik doirasida 2020-yildan buyon 1 500 nafardan ortiq maktabgacha ta’lim pedagogi hamda 10 mingdan ortiq maktab o‘qituvchisi malaka oshirdi. Shuningdek, 600 nafardan ortiq rossiyalik pedagog va metodist O‘zbekistonda faoliyat yuritdi.

Buyuk Britaniya bilan hamkorlikda 100 dan ortiq maktabda ingliz tili o‘qituvchilarining uzluksiz kasbiy rivojlanishining yangi modeli yaratilmoqda. 2026-yilda 70 nafar o‘quvchini Buyuk Britaniyaga ta’limiy sayohatga yuborish rejalashtirilgan.

Koreya bilan hamkorlikda har yili 15–30 nafar informatika o‘qituvchisi sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar bo‘yicha malakasini oshirmoqda. Shuningdek, 12 mln AQSh dollari miqdoridagi grant hisobidan Toshkent shahrida innovatsion maktabgacha ta’lim tashkiloti va malaka oshirish markazi qurilmoqda.

Xitoy bilan hamkorlik doirasida joriy yilning iyun–avgust oylarida 100 nafarga yaqin ta’lim sohasi vakili xalqaro seminar va malaka oshirish dasturlarida ishtirok etdi. Shuningdek, sun’iy intellekt bo‘yicha 7 jildlik o‘quv qo‘llanmasi o‘zbek tiliga mahalliylashtirilmoqda.

Yaponiya bilan hamkorlik doirasida JICA hamkorligida 2 mln AQSh dollari miqdoridagi grant hisobidan “Ta’lim sifatini oshirish uchun ta’lim tadqiqotlari va baholash salohiyatini kuchaytirish (2025–2028-yillar)” loyihasi amalga oshirilmoqda.

Raqamli ta’lim yo‘nalishida 10 mingdan ziyod maktabga “Canva for Education” platformasidan 3 yil davomida bepul foydalanish imkoniyati yaratilmoqda. Hamkorlik doirasidagi grantning umumiy qiymati 20 mln AQSh dollarini tashkil etadi.

UNICEF, UNESCO, UNDP va UNFPA bilan hamkorlikda inklyuziv, raqamli va sifatli ta’limni rivojlantirish, pedagoglar salohiyatini oshirish hamda barcha bolalar uchun teng ta’lim imkoniyatlarini yaratishga qaratilgan loyihalar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, yaqin kunlarda Markaziy Osiyoda ilk bor O‘zbekistonda UNESCO shafeligidagi II toifali Maktabgacha ta’limni rivojlantirish mintaqaviy markazi ochilishi kutilmoqda.